САМАРҚАНД ВИЛОЯТ АРХИВ ИШИ
ҲУДУДИЙ БОШҚАРМАСИ
w w w . s a m x t b . u z

 

"Qadring baland bo'lsin ona tilim"

21- oktabr  “O‘zbek tili bayrami kuni”ni  keng nishonlash maqsadida Samarqand viloyat arxiv ishi hududiy boshqarmasi Samarqand viloyat davlat arxivida “QADRING BALAND BO‘LSIN ONA TILIM” shiori ostida bayram tadbiri o‘tkazildi.

Tadbirda Samarqand davlat universiteti O‘zbek tilshunosligi kafedrasi dotsenti Umirova Svetlana  Ma’murjonovna, Samarqand davlat universiteti O‘zbek tilshunosligi kafedrasi katta o‘qituvchisi Xolmuxamedov Baxtiyor Farxodovich, Samarqand davlat universiteti O‘zbek tilshunosligi kafedrasi o‘qituvchisi Islamova Dinara Azamatovnalar o‘z ma'ruzalari bilan ishtirok etishdi.

O‘zbek tilining tarixiy taraqqiyot davri juda qadimiydir. Chunki tilimiz rivojlanish davri eramizdan avvalgi davrlarga borib taqaladigan va bugungi kunda o'ttizdan ortiq tilni o‘z ichiga olgan turkiy tillar oilasiga kiruvchi tildir. Va faxr bilan aytishimiz mumkinki, turkiy tilda yozilgan, bizga qadar saqlanib qolgan eng ko‘hna yodgorliklarimizni ham biz tushuna olamiz. Ulardagi ko‘pgina so‘zlarning aynanligicha saqlanib qolgani va hozirda ham umumiste’molda foydalanilayotgani buning sababi, desak yanglishmaymiz. Tarixdan ma’lumki, tilimiz o‘lkamizda hukm surgan mashhur podsholiklarning davlat ishlari yuritishdagi asosiy tili bo‘lgan. Agar shunday bo‘lmaganda, mashhur Turk hoqoni Bilga hoqon va uning sarkardasi To‘nyuquq o‘z hayot yo‘li aks etgan bitiktoshlarni shu tilda yozdirmagan bo‘lar edi. Qoraxoniylar davrida yaratilgan, davlat boshqaruviga oid «Qutadg‘u bilig» asari, buyuk sarkarda Amir Temurning «Temur tuzuklari», Zahiriddin Muhammad Boburning «Boburnoma» asari bu tilda yozilmas edi.

Tilimiz o‘sha davrlardayoq Movarounnahr va Xuroson bo‘ylab keng tarqalgan va iste’molda bo‘lgani sababli shayx ul-mashoyix Ahmad Yassaviy o‘z «Hikmatlar»ini shu tilda yozgan va minglab ixlosmandlariga islom g‘oyalari, tariqat odobini shu tilda tushuntirgan. Hatto hikmatlarida «Otim Ahmad, Turkistondir elim mening, // Yurtim turk, elim turk, tilim turkdir.// Tilim ko‘p tillardan ko‘ruklikdir», – deb iftixor etganlar.

 Tilimiz bir necha yuz yillar ajdodlarimizning ona tili hisoblanib kelgani uchun uning kelajagi to‘g‘risida kurashlar, xatti-harakatlar to‘xtamagan. Hazrat Alisher Navoiy umrboqiy asarlarini shu tilda yozganlar, bu tilning boshqa tillardan qolishmasligini nazariy jihatdan «Muhokamat ul-lug‘atayn» asari, amaliy jihatdan «Xamsa» asari va minglab g‘azal-ruboiylari orqali isbotlaganlar.

Bu til ilm tili bo‘la olishini «Mezon ul-avzon» asari bilan, rasmiy bayonda ham boshqa tillardan qolishmasligini «Vaqfiya», «Munshaot» asarlari bilan dalillaganlar. 

  Xullas, qancha-qancha qiyinchiliklar, to‘siqlarga qaramay, ajdodlarimiz tilimizni avaylab, butun jozibasi, kuch-qudratini asoslab, bor imkoniyatlarini dalillab, rivojlantirib bizga yetkazib berishdi. Davlatimiz rahbari, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining o‘ttiz yilligiga bag’ishlangan tantanali marosimdagi nutqlarida ta’kidlaganlaridek, ota-bobolarimiz aynan ona tilimiz orqali jahonga o‘z so‘zini aytib kelganlar. Shu tilda buyuk madaniyat namunalarini, ulkan ilmiy kashfiyotlar, badiiy durdonalar yaratganlar. Va shu orqali tilimizni umrboqiy bo‘lishi, zamonlar osha o‘lkamizda yangrashini ta’minlaganlar. Ajdodlarimiz singari biz ham  faxrimiz, qadrimiz bo‘lgan ona tilimizni asrashimiz, kelajak avlodga sofligicha, ming bir jilosi bilan  yetkazishimiz kerak deb Samarqand davlat universiteti O‘zbek tilshunosligi kafedrasi dotsenti Umirova Svetlana  Ma’murjonovna, o‘z ma'ruzalarini yakunladilar.

tadbir sungida Samarqand viloyat davlat arxivi hamda Samarqand davlat universiteti filalogiya fakulteti bilan hamkorlikda tadbirlar tashkil etib borayotganligi uchun Samarqand davlat universiteti filalogiya fakulteti o‘zbek tilshunosligi kafedrasi o‘qituvchilariga Samarqand viloyat arxiv ishi hududiy boshqarmasi boshlig‘ining tashakkurnomasi hamda esdalik sovg‘alar topshirildi.


O‘zbekiston Respublikasi "O‘zarxiv" agentligining rasmiy kanali

 https://t.me/uzarxivs

Samarqand viloyat arxiv ishi hududiy boshqarmasining rasmiy kanali

https://t.me/sam_archive



Киритилган вақти: 14/10/2021 14:48;   Кўрилганлиги: 1705
 
Материал манзили: https://samarchive.uz/press/events/qadring-baland-bolsin-ona-tilim
Чоп этилган вақт: 21/11/2024 13:14