SAMARQAND VILOYAT ARXIV ISHI
HUDUDIY BOSHQARMASI
w w w . s a m x t b . u z

 

Matbuot anjumani

“Jismoniy va yuridik shaxslarning arxiv muassasalariga murojaatlari hamda bu boradagi dolzarb masalalar” mavzusidagi matbuot anjumani

Mavzu: “Jismoniy va yuridik shaxslarning arxiv muassasalariga murojaatlari hamda bu boradagi dolzarb masalalar” mavzusidagi matbuot anjumani

O‘tkazish vaqti: 2017 yil 28 fevral, soat 11:00da

O‘tkazilish joyi: O‘zbekiston Milliy matbuot markazi, Toshkent shahar, Navoiy ko‘chasi, 16-uy

Tadbir tashkilotchisi: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi

2017 yilning 28 fevralida O‘zbekiston milliy matbuot markazida 2017 yil “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” munosabati bilan hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Mamlakatimiz hayotidagi muhim ahamiyatga molik masalalar bo‘yicha o‘tkaziladigan matbuot anjumanlarining yagona rejasi”ga asosan “O‘zarxiv” agentligi tomonidan “Jismoniy va yuridik shaxslarning arxiv muassasalariga murojaatlari va bu boradagi dolzarb masalalar” mavzusidagi bugunning ustuvor masalasiga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.

Mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning arxiv muassasalariga kelib tushayotgan murojaatlarining ijrosini o‘z vaqtida ta'minlash, ularni arxiv muassasalari rahbariyatiga bevosita murojaat etishlari uchun qulay imkoniyatlar yaratish, bu borada yuzaga kelayotgan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan istiqboldagi rejalar muhokama etildi.

Ijtimoiy-huquqiy mazmundagi xususan, mehnat faoliyati va ish haqini tasdiqlash, o‘quv muassasalarida o‘qiganlikni tasdiqlash hamda mukofotlanganlik to‘g‘risidagi arxiv ma'lumotnomalarini berish masalalari bo‘yicha kelib tushayotgan so‘rovlar arxiv muassasalari tomonidan ma'lumot taqdim etish bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlardan biri bo‘lib, so‘rovlar ijrosi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 5 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasida arxiv ishini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan Arxivlar va idoraviy arxivlar tomonidan xizmat ko‘rsatish tartibi to‘g‘risida Nizom asosida tartibga solinadi.

Raqamlarga e'tibor berilsa, 2016 yil davomida respublika bo‘yicha arxiv muassasalari tomonidan ijtimoiy-huquqiy mazmundagi (mehnat faoliyati va ish haqini tasdiqlash, o‘quv muassasalarida o‘qiganlikni tasdiqlash hamda mukofotlanganlik to‘g‘risidagi arxiv ma'lumotnomalarini berish) jami 209 429 ta so‘rovlar qabul qilinib, shundan 206 431 tasi, ya'ni 98,5 foizi bevosita arxiv muassasalari tomonidan ko‘rib chiqildi, 175 000 dan ortiq so‘rovlar fuqarolar tomonidan shaxsan arxivlarga tashrif buyurgan holda amalga oshirilgan.

Shuningdek, arxiv muassasalari tomonidan arxiv hujjatlari asosida alohida faktlar, voqealar, ma'lumotlarni aniqlash (tasdiqlash) bo‘yicha 2016 yil davomida fuqarolar va tashkilotlardan kelib tushgan jami 124 742 ta mavzuli so‘rovlar bajarildi. Shundan 99 448 tasi ko‘chmas mulk obyektlarining keng ko‘lamdagi xatlovi bo‘yicha hokimliklar huzurida tashkil etilgan komissiyalar tomonidan kelib tushgan so‘rovlar bo‘lib, ular bepul amalga oshirildi.

Arxiv muassasalari tomonidan aholi va tadbirkorlarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi va Yagona davlat interaktiv xizmatlari portali orqali ham yaqindan ko‘mak berilmoqda. 2016 yil davomida “O‘zarxiv” agentligi markaziy apparatiga O‘zbekiston Respublikasi Prizidentining virtual qabulxonasi “RM.gov.uz portali” orqali 151 ta, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali esa 203 ta murojaatlar kelib tushdi.

Zaruriyat kelib chiqqanda jismoniy va yuridik shaxslar kunning istalgan paytida, o‘zlariga qulay vaqtlarda arxiv muassasalariga murojaat etishlari uchun “O‘zarxiv” agentligining (0371) 230-50-44 Ishonch telefon raqami hamda ishonch@archive.uz ishonch elektron pochtasi tunu-kun ishlab turibdi.

Shuning bilan birga, aholining arxiv hujjatlaridan foydalanishi uchun keng imkoniyatlar yaratish maqsadida www.archive.uz rasmiy veb-sayti muntazam faoliyat yuritmoqda. Ushbu saytda “Xizmatlar” va “Interaktiv xizmatlar” turkumlarida fuqarolarga arxiv muassasalari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlarga oid keng ko‘lamli ma'lumotlar havola qilingan. Shuningdek, joriy yilning yanvar oyida Agentlik veb-sayti modernizatsiya qilinib, unda aholi va tadbirkorlar murojaatlari bo‘yicha yanada keng imkoniyatlar yaratish maqsadida Agentlik Bosh direktorining virtual qabulxonasi joriy qilindi. Virtual qabulxona orqali internetdan foydalanuvchilar bevosita Agentlik rahbariyatiga murojaat etishlari mumkin.

Jismoniy va yuridik shaxslarga yanada qulayliklar yaratish maqsadida Agentlik veb-saytida hujjatlarning qidiruv tizimi joriy etilib, davlat arxivlarida saqlanayotgan 58 mingdan ortiq korxona, tashkilot va muassasalarning shaxsiy tarkib hujjatlari to‘g‘risida ma'lumotlar joylashtirildi. Bu esa o‘z navbatida murojaat etuvchilarning hujjatlarni izlashda ortiqcha vaqt yo‘qotishlari va yo‘l sarf-harajatlarini kamaytirishga xizmat qilmoqda.

Tadbirda Toshkent shahar segmentida jismoniy va yuridik shaxslarning so‘rovlarini ijrosini bajarish mexanizmlarini takomillashtirish va qulay sharoit yaratish maqsadida Toshkent shahar davlat arxivining Uchtepa tuman filialida Arxiv xizmatlarini ko‘rsatish markazi loyihasi muhokama etilib, amalga oshirish rejalashtirildi. Toshkent shahrida joylashgan barcha arxivlarga tegishli bo‘lgan mazkur loyiha orqali poytaxtda Ijtimoiy-huquqiy mazmundagi so‘rovlarni bir joyda qabul qilish, ijrosini ta'minlash, bepul maslahatlar berish va hujjatlarni topishda ko‘maklashish yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, mazkur markaz tomonidan arxiv saqloviga tadbirkorlik subyektlari hujjatlarini markazlashgan holda qabul qilish va ularga uslubiy yordam berish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatiladi.

Tadbirni yoritishda yaqindan yordam bergan ommaviy axborot vositalari vakillariga “O‘zarxiv” agentligi tomonidan minnatdorlik bildiriladi.

Yuklab olish (doc. 76,5 kb)


Kiritilgan vaqti: 04/08/2020 21:02;   Ko‘rilganligi: 1479
 
Material manzili: https://samarchive.uz/oz/press/press-releases/matbuot-anjumani
Chop etilgan vaqti: 11/10/2024 08:01