SAMARQAND VILOYAT ARXIV ISHI
HUDUDIY BOSHQARMASI
w w w . s a m x t b . u z

 

#Samarqandda 100 yillik tarixga ega kutubxonaning zamonaviy binosi ochildi

Samarqandda 100 yillik tarixga ega kutubxonaning zamonaviy binosi ochildi

Samarqand shahrida viloyat axborot-kutubxona markazining rekonstruksiya qilingan zamonaviy binosi ochildi.

Tarixi 1911 yilga borib taqaladigan ushbu ziyo maskani dastlab 2 ming nusxaga yaqin adabiyot bilan faoliyat boshlagan. Kutubxona faoliyatining dastlabki davrida uning xizmatidan 200–300 kishi foydalangan bo‘lsa, hozir o‘n minglab kitobxonga xizmat ko‘rsatilmoqda.

1937 yilda kutubxonaga Pushkin nomi va davlat kutubxonasi maqomi berilgan. Yildan yilga kitob fondi ko‘payib bordi.

So‘nggi yillarda o‘lkashunoslik bo‘limi, kataloglar va kartotekalar bo‘limi, huquqiy axborot markazi, Gyote instituti ko‘magida nemis tilidagi adabiyotlar o‘quv zali, bolalar adabiyotlari bo‘limi tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta'minlash maqsadida va 2019 yil 19 mart kuni Prezidentimiz tomonidan o‘tkazilgan selektor yig‘ilishida 5 ta muhim tashabbus ilgari surildi. Bu besh tashabbusning to‘rtinchisi bo‘lgan yoshlar ma'naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Shundan kelib chiqib, Samarqand viloyat axborot-kutubxona markazi rekonstruksiya qilindi. Bino zamon talablariga muvofiq ta'mirlanib, tashqi ko‘rinishi Samarqandning tarixiy binolariga moslashtirildi.

Rekonstruksiya ishlariga mahalliy byudjetdan 6 milliard 600 million so‘m mablag‘ sarflandi.


Oxirgi o‘zgarish: 16/10/2020 12:00;   Ko‘rilganligi: 923
 
Material manzili: https://samarchive.uz/oz/press/news/samarqandda-100-yillik-tarixga-ega-kutubxonaning-zamonaviy-binosi-ochildi
Chop etilgan vaqti: 19/04/2024 01:30