SAMARQAND VILOYAT ARXIV ISHI
HUDUDIY BOSHQARMASI
w w w . s a m x t b . u z

 

“O‘ZARXIV” AGENTLIGI DIREKTORI ULUG‘BEK MIRTOLIBOVICH YUSUPOVNING SAMARQAND VILOYAT DAVLAT ARXIVI TASHKIL TOPISHINING 100 YILLIGI MUNOSABATI BILAN TABRIGI

Arxivlar – davlatning tarixini o‘zida mujassam etgan hujjatli asosga tayangan yirik axborot anbaidir, shu sabab “Arxivlar –tarix ko‘zgusi” deya e'tirof etiladi. Tariximizni o‘rganmay, bilmay turib, yangichasiga yashashni, hayot tarzimizni o‘zgartirishimizni, zamonga, buyuk ajdodlarimizga mos avlodni tarbiyalashimizni amalga oshirish qiyin bo‘ladi. Shuning uchun ham Arxivlarga e'tibor yildan yilga ortib bormoqda. Davlatimiz tomonidan arxivlarga azaldan, har bir davrda o‘ziga yarasha, imkoniyat doirasida g‘amxo‘rlik qilib kelingan. Maxsus binolar ajratilgan, ish sharoiti yaratib berilgan. Arxiv hujjatlarini asrash, kelgusi avlodlarga yetkazish bo‘yicha juda ko‘p ishlar qilingan. Ayniqsa so‘nggi yillarda e'tibor juda o‘zgardi. Arxivlarga yangi binolar qurib berilmoqda, mutaxassislar bilan mustahkamlanib bormoqda. Arxivlarda hujjatlarni saqlashni, foydalanishni yangi usullari, jumladan raqamli texnologiyalarni qo‘llash uchun amaliy ishlar qilinmoqda. Jumladan, Samarqand viloyatida o‘tgan davr mobaynida arxiv ishi va ish yuritish sohasida zarur infratuzilma yaratildi, arxiv hujjatlarini jamlash, hisobga olish, saqlash va ulardan foydalanishda ijobiy natijalarga erishildi hamda muayyan intellektual va texnologik salohiyat shakllantirildi, Milliy arxiv fondi O‘zbekiston xalqining moddiy va ma'naviy hayotini aks ettirgan, tarixiy, ilmiy va madaniy ahamiyatga ega bo‘lgan arxiv hujjatlar bilan boyitildi. Samarqand viloyat davlat arxivi 1921 yil aprel oyida tashkil etilgan bo‘lib joriy yilning aprel oyida tashkil etilganligiga 100 yil to‘ldi. Ushbu qutlug‘ sana barchamizga muborak bo‘lsin! Bugungi kunda viloyat davlat arxivida O‘zbekiston xalqining moddiy va ma'naviy hayotini aks ettirgan, tarixiy, ilmiy, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va madaniy ahamiyatga ega bo‘lgan arxiv hujjatlarini sifatli saqlovini ta'minlashda Samarqandlik fidoyi arxivchilarning hissasi katta albatta. Shu davrgacha viloyat davlat arxivida 13 ta rahbar faoliyat ko‘rsatgan va ulardan biri “Soha iftixori” Abduvali Mamanazarov bugan viloyat arxiv ishi hududiy boshqarmasi boshlig‘i sifatida sohaga xizmat qilishni davom ettirmoqda. Aziz hamkasblar! Biz o‘z oldimizga xalqimizni har tomonlama rozi qilishdek, fuqarolar, jamiyat va davlat uchun ahamiyati bois saqlanishi lozim bo‘lgan arxiv hujjatlarini kelajak uchun asrashdek ulug‘ vazifani qo‘ygan ekanmiz, bu maqsadga erishish yo‘lida arxiv ishi va ish yuritish tizimini jadal rivojlantirishga ahamiyat qaratmog‘imiz zarur. Va bu ishlarni biz avvalo Siz hamkasblarimiz bilan yelkama-elka amalga oshiramiz. Bugungi tarixiy sanada Siz aziz hamkasblarimiz bilan bir safda mehnat qilayotganligimizdan faxrlanamiz albatta. Sizlarni Samarqand viloyat davlat arxivi tashkil topishining qutlug‘ 100 yilligi munosabati bilan yana bir bor samimiy muborakbod etib, barchangizga baxt-saodat, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman. Hamisha sog‘-omon bo‘ling, aziz hamkasblar!



Oxirgi o‘zgarish: 21/04/2021 07:31;   Ko‘rilganligi: 713
 
Material manzili: https://samarchive.uz/oz/press/news/ozarxiv-agentligi-direktori-ulugbek-mirtolibovich-yusupovning-samarqand-viloyat-davlat-arxivi-tashkil-topishining-100-yilligi-munosabati-bilan-tabrigi
Chop etilgan vaqti: 20/04/2024 04:46